O`shanda ham ayni bahor kunlari edi. Atrof ko`m-ko`k maysalarga, daraxtlar ham yashil libosga burkangan. Qishi bilan dam olgan dehqonlar endi dala boshidan beri kelmay qo`yishgandi. Dehqonchilik ishlari boshlanib, hamma ochiq maydonlarga ekin ekishga kirishib ketgandi. Havo isib ketganidan uyimiz yonidan oqib o`tadigan kanal ham ancha to`lib oqadigan bo`ldi. — Suv juda ko`payibdi. Kuzda ekilgan bug`doylarni yaxshilab sug`orishimiz kerak. Kechasi navbatlashib qarab, tezroq suvlashni tugatib olinglar, - deb topshiriq berdi otam. — Ehtiyot bo`linglar, yosh bolalar ko`zimizni chalg`itib, ko`chaga chiqib ketmasin, katta suv yaqin... — deb onam ham kelinlarga tinmay eslatib turardi o`sha kunlari. — Ikki kundan beri daladasizlar. Nimagadir ko`nglim notinch, kechasi suv bo`yiga borganda kalima qaytarib, duo o`qinglar, suvning parilari bo`ladi... Quloqlarni to`g`rilab qo`yib, uyga qaytaver, sahar turib xabar olarsan, — dedi onam kechki payt ketayotganimda. — Oyi, tuni bilan siz aytgan parini kutdim, kelmadi. Kun yorishgach, uyga qaytaverdim, — dedim ertasiga hazillashib onamga. — Ha, senga hazil bo`lsa... — ranjigan bo`ldi onam. Ikki-uch kun o`tib, kechasi kuchli momaqaldiroq bo`lib, chelaklab yomg`ir quya boshladi. Bunday paytda kanaldagi suv ham ko`payib, yopilgan quloqlarni yuvib, ekinlarni suv bosishi hech gap emas. Ikki kun oldin bug`doyzorga suv ochganim yodimga tushib, shoshib borib suv yo`llarini mustahkamroq berkitmoqchi bo`ldim. Uyda hamma uxlab qolgani uchun ukamni uyg`otib o`tirmadim. Tashqariga chiqishim bilan katta olapar itimiz yo`limni to`sib, tinmay hura boshladi. — Jim yot, Olapar! Yur, men bilan dalaga borib kelamiz, — dedim-da, ketmonni olib yo`lga tushdim. Birpasda ustim shalabbo bo`ldi. Shoshib qalinroq kiyinish ham esimga kelmabdi. Itimiz esa oyog`imdan tishlab orqaga tortqilab, orqamdan ergashib tinmay hurardi. - Nega muncha vahima qilmasang, yomg`irdan shuncha qo`rqyapsanmi? Kanal yoqasiga kelib qolgandim. Shu payt kuchli momaqaldiroq va chaqmoq bo`lib, atrof judayam yorishib ketdi. Suv bilan limmo-lim kanal yuzasi oynadek yaltirab ko`rindi. Beixtiyor oyoqlarim dala tomonga emas, kanal tomonga qarab yura boshladi. Atrof birdan suv quygandek jimjit bo`lib qoldi. Faqat oqayotgan suvning sokin jildirashigina eshitilardi. Shu payt bir to`da qizlarning sho`x kulgisiga o`xshash ovoz eshitildi. Kimning ovozi ekan, deb o`sha tomonga yana ildamroq yura boshladim. Uzoqdan yaltiragan inson sharpasi, aniqrog`i, uzun bo`yli qizga ko`zim tushdi. U men tomonga qarab imo qilgandek bo`ldi. Tezroq borib, kimligini bilmoqchi bo`ldim. Shuncha yursam ham unga eta olmasdim. U esa bir ko`rinib, bir g`oyib bo`lib, meni o`zi tomonga chorlardi. Shu payt qulog`imga yana olaparimizning hurgani eshitildi. To`xtab, orqamga qaradim. Olaparning ovozi yaqinlasha boshladi. Yomg`irni yana seza boshladim. Birdan onamning gapi yodimga tushdi. Tezda bilgan duolarimni o`qiy boshladim. Shunda uzoqdan otamning ismimni aytib chaqirganini eshitdim. Olaparning men tomonga o`qday uchib kelayotganiga ko`zim tushdi. Halloslab etib kelgan ukam bilan otam xavotirlanib, meni so`roqqa tuta boshlashdi. — Nimaga bu tomonga ketib qolding? Shuncha chaqirsak ham to`xtamading? Nega yarim kechasi uydan chiqding... shunday yomg`irda? — Bug`doyni suvini xabar olgani chiquvdim. — Bug`doyzorimiz boshqa tomonda-ku, sen kanalning boshlanish joyiga kelgansan, nima qilmoqchiyding bu erda? Yaxshiyam Olapar borib bizni uyg`otdi, bo`lmasa bir falokatga yo`liqishing aniq edi. Xudo bir asradi, - dedi otam xavotir bilan. Birgalashib uyga qaytdik. Olapar ham indamay ortimizdan ergashdi, u tinchib qolgandi. Itlar inson ko`ziga ko`rinmaydigan narsalarni ko`ra oladi, deyishgani rost ekan-da. Ertasiga kechasi ko`rgan narsalarimni uydagilarga aytmoqchi bo`ldim. Lekin ishonmasliklarini bilib, indamay qo`ya qoldim. O`shanda itimiz tufayli bir falokatdan omon qolgan bo`lsam ajabmas, yana kim biladi deysiz... Mohitobon yozib oldi.